11-mart kuni Toshkent shahridagi Amity universitetida Xalqaro Xotin-qizlar kuni munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi
👉🏼 Tadbir universitet direktori Shuxrat Sattorovning kirish nutqi bilan boshlandi, shuningdek Dr. Naina Chaudhary universitet tashabbuslarini taqdim etib, InnovateHers Week, sun’iy intellekt yordamida yaratilgan posterlar va ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga bag‘ishlangan fotosuratlarni ta’kidlab o‘tdi. Tadbir davomida talabalar o‘zlarining madaniy chiqishlari bilan tomoshabinlarga zavqli lahzalar ulashib, bayram shukuhini yanada oshirdi.
Tadbirda taklif etilgan mehmonlarning ilhomlantiruvchi nutqlari tinglandi, ular ta’lim, yetakchilik va jamiyat taraqqiyotida ayollarning muhim o‘rniga to‘xtalib o‘tdilar.
Tadbirning muhim lahzalaridan biri Toshkent shahridagi Amity universiteti va Women in Tech Uzbekistan o‘rtasida Hamkorlik Memorandumi (MOU) imzolanishi bo‘lib o'tdi. Ushbu kelishuv universitetning texnologiya sohasida faoliyat yuritayotgan ayollarni qo‘llab-quvvatlashga bo‘lgan sodiqligini yana bir bor tasdiqladi.
Shuningdek, universitet tomonidan akademik va professional yutuqlari bilan ajralib turgan talaba-qizlar va bitiruvchilarga "Achievers Award" mukofoti topshirildi. Bu mukofot ularning intilishi va mehnatini e’tirof etish maqsadida taqdim etildi.
Tadbir doirasida “Akademiyadagi ayollar va korporativ sohadagi ayollar” mavzusida panel muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Unda turli sohalardan muvaffaqiyatli mutaxassislar ishtirok etib, ayollarning kasbiy o‘sishi, yetakchilik va turli sohalarda duch keladigan muammolar bo‘yicha qimmatli fikr va tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.

