30-noyabr kuni Toshkent shahridagi Amity universiteti Raqamli texnologiyalar vazirligida bo‘lib o‘tgan “JOB & EDU FEST 2024” IT-mehnat va ta’lim yarmarkasida ishtirok etdi
Toshkent shahridagi Amity universiteti vakillari o‘quv dasturlari va bu bo‘yicha taqdim etilayotgan yangi imkoniyatlarni namoyish etdilar. Yarmarkada shuningdek kompyuter injiniringi yo‘nalishi talabalari ishlanmalarining maketlari ham namoyish etildi.
Tadbirni Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ochib berdi. Vazir o‘z nutqida IT sohasida mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirish hamda muvaffaqiyatli karyera qurish uchun yangi ko‘nikmalarni egallash muhimligini alohida ta’kidladi. Vazir sohada mavjud resurslar va davlat tomonidan yaratilayotgan sharoitlardan maksimal darajada foydalanish orqali yoshlarning o‘z kelajagini IT bilan bog‘lashlari uchun keng imkoniyatlar mavjudligini ta’kidlab, barchani bu yo‘nalishda faol bo‘lishga chorladi.
Joriy yilda Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan 2 bor tashkil etilayotgan yarmarkada 50 dan ziyod mahalliy va xorijiy kompaniyalar yuqori maoshli boʻsh ish oʻrinlari bilan ishtirok etdi.
Yarmarka doirasida sohada muvaffaqiyatli faoliyat olib borayotgan IT mutaxassislar ishtirokida taqdimotlar tashkil etilib, yoshlarga IT mehnat bozorida o‘z o‘rnini topish, karyera qurish, intervyulardan muvaffaqiyatli o‘tish hamda xalqaro IT-sertifikatlarning ahamiyati haqidagi mavzularda maslahat va tavsiyalar berildi.

