16 Oct 2025 1

Bugun Toshkent shahridagi Amity University in Tashkent vakillari BMT Taraqqiyot Dasturi (UNDP) vakili va Yevropa hamda MDH davlatlarida startap ekotizimlari va universitet inkubatsiya dasturlarini rivojlantirish bo‘yicha 17 yildan ortiq tajribaga ega xalqaro ekspert Aleksandr Loktionov bilan uchrashuv o‘tkazdilar.

Uchrashuv davomida tomonlar 2025-yil 22–24-oktabr kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan universitet inkubatsiya markazlari xodimlari uchun salohiyatni oshirish seminarining tafsilotlarini muhokama qildilar. Seminar universitetlar negizidagi inkubatsiya ekotizimlarini mustahkamlash va talaba-startaplarga amaliy ko‘nikmalar berish orqali ularni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Shuningdek, uchrashuvda innovatsiyalarni rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va yoshlar salohiyatini oshirish yo‘nalishida kelgusidagi hamkorlik va tajriba almashish dasturlari haqida ham fikr almashildi.