29-iyul kuni, Toshkent shahridagi Amity universiteti mezbonligida o‘tayotgan “Cyber Summer Camp – 2025” dasturining ikkinchi kuni samarali tarzda davom etdi. Digital.uz, Digital.edu va IT Ta’lim Uyushmasi hamkorligida tashkil etilgan ushbu dastur “Muhammad al-Xorazmiy vorislari” loyihasi doirasida faoliyat yuritayotgan mentorlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ular keyinchalik butun O‘zbekiston bo‘ylab maktab o‘quvchilari bilan ishlaydi.
Ikkinchi kun mashg‘ulotlari asosan amaliy yo‘nalishga qaratilib, mentorlar raqamli pedagogika bo‘yicha yangi usullar bilan tanishdilar. Ular o‘quv jarayonida dasturlash, robototexnika va ma’lumotlarni tahlil qilish kabi texnologiyalarni qo‘llash, shuningdek, o‘quvchilarni loyihaviy ishlarga va tanlovlarga jalb qilish strategiyalarini muhokama qildilar. Bu yondashuvlar ularning kelgusida o‘quvchilarga yanada samarali bilim berishiga va raqobatbardosh kadrlar tayyorlashiga xizmat qiladi.
Mazkur tashabbus nafaqat mentorlarning kasbiy rivojlanishiga, balki O‘zbekistonda raqamli ta’lim ekotizimini mustahkamlashga, yosh avlodda texnologik savodxonlikni oshirishga katta hissa qo‘shadi.

