15 May 2025 1

15-may kuni Toshkent shahridagi Amity universiteti talabalari Xalqaro muzeylar kuni munosabati bilan Olimpiya va Paralimpiya shon-shuhrati muzeyiga tashrif buyurishdi.

Tashrifdan maqsad — talabalarning madaniy saviyasini oshirish va O‘zbekiston sportchilarining xalqaro maydondagi yutuqlari bilan yaqindan tanishtirish edi. Talabalar muzeydagi turli eksponatlar bilan tanishib, mashhur sportchilarimizning fidoyiligi, mehnatsevarligi va muvaffaqiyatlari haqida muhim ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.

Tadbir doirasida muzey tomonidan qiziqarli sport musobaqalari tashkil etildi. Jumladan, shashka, badminton, stol tennisi va arqon tortish kabi bellashuvlar o‘tkazildi. Amity talabalari mazkur musobaqalarda faol ishtirok etib, jamoaviylik va sport ruhi bilan ajralib turishdi. Ayniqsa, badminton, arqon tortish va shashka yo‘nalishlarida yutuqlarga erishib, mukofotlarga sazovor bo‘lishdi.

Faol ishtirokchilar faxriy yorliqlar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Tadbir yakunida guruhli suratga tushish, quvonchli lahzalar va ilhom baxsh etgan voqealar bilan talabalar unutilmas taassurotlar bilan qaytishdi. Bu tashrif nafaqat ko‘ngilochar, balki tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan muhim tajriba bo‘ldi.