27 Feb 2025 1

Ilm-fanni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish, oliy ta’lim muassasalarida ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish va yoshlarni ilmiy faoliyatga jalb etish maqsadida, 27-fevral kuni Toshkent shahridagi Amity universitetida IEEE Qozog‘iston bo‘limi va O‘zbekiston Markaziy banki hamkorligida "Iqtisodiy o‘zgarishlarga turtki beruvchi texnologiyalar" (InTech-2025) xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Konferensiya innovatsion yechimlarni ishlab chiqish, har tomonlama tahliliy va amaliy tadqiqotlar asosida raqamlashtirish jarayonlarining ishlab chiqarish va iqtisodiyot tarmoqlariga ta’sirini baholash va kelgusida mamlakat iqtisodiyotining raqamli transformatsiyasini kengaytirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish bo‘yicha fikr almashish uchun muhim platforma bo‘ldi

Konferensiyaning asosiy tadbirlaridan biri “Iqtisodiyotda texnologiyalar: bank tizimi va monetar siyosatdagi inqilob” mavzusidagi panel muhokama bo‘ldi. Uchrashuv davomida ishtirokchilar sun’iy intellekt va raqamli moliyaviy vositalarning rivojlanish istiqbollari, shuningdek, blokcheyn texnologiyalarining bank tizimiga ta’sirini tahlil qildilar.

Konferensiya natijasi sifatida, bugungacha kelib tushgan 1000 ga yaqin ilmiy-tadqiqot ishlaridan 250 ta maqola tanlanib, keyinchalik SCOPUS ma’lumotlar bazasida indekslanadi. Ayni paytgacha O‘zbekiston iqtisod-moliya tizimiga daxldor bo’lgan 20 ta ilmiy-tadqiqot ishlari taqdim etilgan. Ushbu materiallar, shuningdek muhokamalar O’zbekistonda mazkur yo’nalishning barqaror o‘sishini ta’minlaydigan innovatsion yechimlarga yo‘l ochadi.