8-iyun kuni Toshkent shahridagi Amity universitetida o‘quvchi qizlar o‘rtasida IT-ko‘nikmalarini rivojlantiruvchi nufuzli tanlov – ICT4Girls olimpiadasining hududiy bosqichi bo‘lib o‘tdi
Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Raqamli taʼlimni rivojlantirish markazi tomonidan Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Toshkent shahridagi Amity universiteti va Uzum bilan hamkorlikda tashkil etilgan ICT4Girls olimpiadasi AKT sohasida gender tafovutini bartaraf etishga qaratilgan.
O‘zbekistondagi 14 ta hududning har biridan eng yuqori natijaga erishgan va hududiy bosqichda muammoni hal qilishda o‘ziga xos mahoratini namoyish etgan besh nafar ishtirokchi Respublika bosqichiga yo‘llanma oladi.
ICT4Girls Olimpiadasi nafaqat IT sohasidagi iqtidorli yosh qizlarni tanib, taqdirlaydi, balki ularning kelajakdagi kasbi uchun tramplin vazifasini ham bajaradi. Milliy final g‘oliblariga maxsus sport dasturlash "bootcamp"da qatnashish uchun noyob imkoniyat beriladi. O‘quv lageri natijalariga ko‘ra, eng yaxshi to‘rt nafar ishtirokchi 2024-yil iyul oyida Niderlandiyaning Eyndxoven shahrida bo‘lib o‘tadigan informatika bo‘yicha Yevropa qizlar olimpiadasida (EGOI) O‘zbekiston sharafini himoya qilish uchun tanlab olinadi.

