18-19-may kunlarii Toshkent shahridagi Amity universitetida “Hacknovation 2024” xakaton musobaqasi bo'lib o'tdi
“Hacknovation 2024” O‘zbekiston IT-hamjamiyati va O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining Sun’iy intellekt bo‘yicha maslahat kengashi bilan hamkorlikda, shuningdek, Fido-Biznes, TBC Bank Uzbekistan, Payme va Cloupard kabi kompaniyalar ko‘magida tashkil etildi.
Tadbirning 1-kuni ochilish marosimi bilan boshlandi, unda ma’ruzachilar ishtirokchilarga nisbatan o‘z tabrik so‘zlari bilan chiqishdi. Ishtirokchilarga tanlov qoidalari tushuntirildi, so‘ngra qatnashchilar g‘oyalarni muhokama qilish xonalar bo‘yicha taqsimlandi. Dastlabki muhokamalardan so‘ng hakamlar hay’ati keyingi bosqichda ishtirok etish uchun 50 ta jamoani saralab oldilar.
Tadbir mintaqamiz bo‘ylab 100 dan ortiq jamoalarni birlashtirdi va IT hamda sun’iy intellekt sohalarining muhim tadbiriga aylandi.
“Hacknovation 2024”ning ikkinchi kuni loyihalar ustida qizg‘in ishlashga bag‘ishlandi. Jamoalar oʻzlarining prototiplarini ishlab chiqdilar, soʻngra ularni hakamlar hay'atiga taqdim etdilar. Tanlov natijalariga ko‘ra eng yaxshi 10 ta jamoa final bosqichiga yoʻl oldi va o‘z loyihalarini taqdim etib, g‘oliblar nomi uchun bellashdi.
G‘oliblarga quyidagi mukofotlar topshirildi: Universitet/sanoat yo‘nalishi bo‘yicha – 1-o‘rin uchun $1500, 2-o‘rin uchun $1000, 3-o‘rin uchun $700; Maktab nominatsiyasi bo‘yicha – 1-o‘rin uchun $500.
Toshkent shahridagi Amity universiteti barcha hamkorlar, ishtirokchilar va tashkilotchilarga “Hacknovation 2024” tadbiri muvaffaqiyatiga qo‘shgan hissasi uchun minnatdorchilik bildiradi va kelgusida hamkorlikni davom ettirishga umid qiladi.